Streetpark Systems MCHJ (“Poytaxt parking”) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha 2025 yil 22 dekabrdan boshlab ustun muzokara kuchiga ega xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Raqobat to‘g‘risidagi” qonunning 18-moddasiga muvofiq, ustun muzokara kuchiga ega subyektlarning raqobatni cheklashga yoki iste’molchilar hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquq va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari taqiqlanadi.
Xususan, quyidagi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi:
-
bozor taqchilligini yuzaga keltirish yoki narxlarning oshishiga olib keladigan tarzda xizmatlar hajmini asossiz qisqartirish;
-
iste’molchilarning zarur hajm va lozim darajadagi sifatdagi xizmatdan foydalanish huquqlarini kamsitish;
-
shartnoma predmetiga daxli bo‘lmagan majburiy shartlarni, jumladan mol-mulk yoki mulkiy huquqlarni o‘tkazish bo‘yicha asossiz talablarni yuklash;
-
xizmat ko‘rsatishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash yoki xizmatdan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish;
-
shartnoma tuzishni boshqa xizmatlarni majburan olish yoki uchinchi shaxslar bilan munosabatlarni cheklash sharti bilan bog‘lash;
-
xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘la turib, shartnoma tuzishni asossiz rad etish;
-
bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishiga to‘siqlar yaratish;
-
narxlarni davlat tomonidan tartibga solish talablari buzilishi, ko‘rsatilmagan yoki bepul ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan xizmatlar uchun haq undirish;
-
raqobatchilar xizmatlaridan foydalanishni taqiqlash yoki cheklash.
Mazkur e’tirof pulli avtoturargohlar bozorida adolatli raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozor intizomini kuchaytirishga qaratilgan.