Navoiy viloyatidagi oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha qiymati 320 million dollarlik yangi loyiha ishga tushiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida ma’lum qildi.
Mazkur loyiha doirasida qo‘shimcha 2 million tonna ma’dan qayta ishlanadi. Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha umumiy qiymati 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada yiliga 18 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati yaratiladi va 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.
Bundan tashqari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar bo‘lgan, yiliga 300 ming tonna mis katodi ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi metallurgiya majmuasi qurilishi boshlanadi.
“Samarqand kimyo” zavodida 381 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qashqadaryo viloyatida esa 200 million dollarlik kimyo zavodi qurilib, unda maishiy kimyo, polimer va sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olinadi.
Umuman olganda, 2026-yilda kimyo sanoatida 4,5 milliard dollarlik, tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollardan, elektrotexnika sohasida 2 milliard dollarlik, farmatsevtika sohasida esa 800 million dollarlik yangi loyihalar ishga tushiriladi.
Shuningdek, kelasi yilda mamlakat eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini esa 55 foizdan oshirish rejalashtirilgan.