Toshkent viloyatida ayrim qurilish kompaniyalari tomonidan iste’molchilar huquqlarining buzilishi holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda xonadon xaridi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar talablariga muvofiq to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilganiga qaramay, ayrim quruvchi tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatlarda xonadonlar topshirilmayotgani bildirilgan.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ishlarni yoki xizmatlarni shartnomada belgilangan muddat, hajm va sifat talablariga qat’iy rioya qilgan holda bajarishi shart. Ushbu norma asosida hududiy boshqarma tomonidan iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud organlariga 32 nafar iste’molchi foydasiga jami 11 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish yuzasidan da’vo arizalari kiritilgan.
Sud jarayonlari natijasida Glamur Gold, Transport Free Group, Lucky Technical, Broccoli Plus hamda “Nur” MCHJlarga nisbatan 16 nafar iste’molchi foydasiga jami 6,7 milliard so‘m mablag‘ni qaytarish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda qolgan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha sud ishlari belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.
Shuningdek, qonunning 19-moddasiga ko‘ra, agar ijrochi shartnomani o‘z vaqtida bajarishga kirishmasa yoki belgilangan muddatda majburiyatlar bajarilmasligi ayon bo‘lsa, iste’molchi shartnomadan voz kechish hamda yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilish huquqiga ega.