Toshkent shahri xalqaro aeroportida qorli ob-havo tufayli ayrim reyslarning uchib ketish vaqtida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, havo kemalariga muzlashga qarshi maxsus ishlov berish zarurati parvozlarda qisqa muddatli kechikishlarga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, parvozlar jadvalidagi ehtimoliy o‘zgarishlar aeroportda yo‘lovchilarning parvozoldi jarayonlaridan o‘tish vaqtiga ta’sir qilmasligi ta’kidlangan. Barcha jarayonlar belgilangan me’yor va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuningdek, 17-dekabr kuni noqulay ob-havo sabab Qarshi aeroportida vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Natijada Moskvadan Qarshiga uchib kelayotgan samolyot Samarqanddagi muqobil aerodromga qo‘ndirilgan.
