Haftalik

Haftalik yangiliklar

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi moliyalashtirilishi bo‘yicha kredit bitimi imzolandi

Rn

Bishkek shahrida 16-dekabr kuni Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lini qurish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kredit bitimi imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi.

Kelishuv “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l kompaniyasi” MCHJ hamda Xitoy davlat taraqqiyot banki va Xitoy Eksimbanki a’zo bo‘lgan Xitoy banklari sindikati o‘rtasida tuzildi.

Loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan qariyb 2,3 milliard dollari Xitoy tomonidan 35 yil muddatga kredit sifatida qo‘shma loyiha kompaniyasiga ajratiladi. Mazkur kreditni qaytarish bevosita loyiha kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qolgan 2,3 milliard dollarni qo‘shma loyiha kompaniyasining ustav kapitaliga kiritish rejalashtirilgan. Ustav kapitalidagi ulushlar quyidagicha taqsimlanadi: Xitoy — 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — 24,5 foizdan.

Xabarda qayd etilishicha, investitsiyaviy kelishuvga muvofiq loyihani to‘liq moliyaviy qo‘llab-quvvatlash 2025-yil 20-dekabriga qadar yakunlanishi lozim edi. Mazkur shart muddatidan oldin bajarilgan.

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi mintaqadagi eng murakkab muhandislik inshootlaridan biri hisoblanadi. Temiryo‘l qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometrni tashkil etuvchi 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel barpo etilishi rejalashtirilgan. Yo‘nalishning qariyb 40 foizi tunnellar va ko‘priklar orqali o‘tadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *