Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda taksi yo‘l haqi narxlarining o‘zgarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, 2025-yil noyabr oyida taksida yurish uchun to‘lovlar oktyabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,5 foizga qimmatlashgan. Narxlar yil boshidan buyon 7 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 12,2 foizga oshgan.
Joriy yilning dastlabki uch oyida avtomobil transportida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmida taksilar ulushi 43,6 foizni tashkil etgan. Pul ifodasida bu ko‘rsatkich 11,9 trillion so‘mga teng bo‘lgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari taksi xizmatlari bo‘yicha eng yuqori ulushga ega bo‘lgan.
2025-yil avgust holatiga ko‘ra, respublikada yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar soni 457 764 nafarga yetgan. Shundan 457 313 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hisoblanadi. Ular orasida 3 480 nafar ayol mavjud.
