Migratsiya agentligi va Qatarning rekruting kompaniyasi Jusour o‘rtasida imzolangan kelishuv doirasida kompaniya bosh direktori Abdulxadi Baxit Barkan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tashrif doirasida u Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev bilan uchrashib, O‘zbekistondan Qatarga kadrlar jalb qilish jarayonini soddalashtirish masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuvda hamshiralik, qurilish, IT hamda telekommunikatsiya sohalarida yuqori talab mavjudligi bildirildi.
Shuningdek, jarroh mutaxassislar uchun Golden Visa taqdim etilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Qatarning Tawzeef platformasini agentlikning xorijdaish.uz platformasiga integratsiya qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda Duty-free savdo tarmog‘i hamda Qatar Airways kompaniyasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha Migratsiya agentligi tomonidan e’lonlar joylashtirilgan va nomzodlar rezyumelari Tawzeef platformasiga yuklangan. Hozirda ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan nomzodlar suhbat bosqichida ekani qayd etildi
