O‘zbekistonda 2026-yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi. Bu haqda 5-dekabr kuni energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirda so‘zga chiqib, aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, mahallalarda aholi bilan kooperatsiya orqali quyosh stansiyalari o‘rnatilishi natijasida 30 ming kambag‘al oilaga “yashil” energiya kirib boradi. Ular ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.
Shuningdek, prezidentning 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, aholisi ijtimoiy og‘ir 300 ta mahallada kichik quvvatli fotoelektr stansiyalar o‘rnatilishi belgilangan. Bu orqali 100 MVt dan ortiq kichik quvvatli stansiyalar barpo etilib, 45 million metr kub tabiiy gaz tejash maqsad qilingan.
Marosimda bildirilishicha, tadbirkorlar joriy yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurib, natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqargan va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lgan. Keyingi yilda esa 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi, bu 80 mingta xonadonda elektr ta’minotini tubdan yaxshilaydi.
Shuningdek, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning “Aksa elektrik” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgan. Kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi va yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili o‘rtacha 20 million dollar tejash ko‘zda tutilgan.