4-dekabr kuni AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi 2027-yilgi Diversity Visa — Green Card dasturida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanganiga doir tarqalgan xabarlar haqiqatga mos emasligini ma’lum qildi.
Elchixona xabariga ko‘ra, DV-2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish allaqachon boshlanganini, hatto g‘olib bo‘lish imkoniyatini oshiruvchi xizmatlar mavjudligini da’vo qilayotgan shaxslar tarqatayotgan ma’lumotlar yolg‘on.
“DV-2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish muddatlari va bu yilgi ariza topshirish jarayonidagi o‘zgarishlar bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar Davlat departamenti tomonidan e’lon qilinadi”, — deyiladi bayonotda.
Avvalroq, noyabr oyida AQSH Davlat departamenti Diversity Visa-2027 lotereyasida ariza berish tartibiga texnik, ya’ni tashkiliy o‘zgarishlar kiritilayotganini ma’lum qilgandi. Bu o‘zgarishlar dasturning mazmuniga ta’sir qilmaydi.
Shuningdek, Green Card lotereyasiga ariza topshirish uchun 1 dollar to‘lov joriy etilishi rejalashtirilayotgani ham bildirildi. Departament hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu o‘zgarish orqali yiliga taxminan 25 million dollar daromad olinishi kutilmoqda.