Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni poytaxtdagi transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Toshkentda jamoat transporti jadal rivojlandi: avtobuslar soni qariyb ikki barobarga oshib, 1900 taga yaqinlashdi, qatnovlar oraliği 30 daqiqadan 15 daqiqaga tushirildi. Kunlik yo‘lovchilar soni 1,4 million nafarga yetgan.
Metro tarmoqlarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga, bekatlar soni esa 50 taga yetdi. Hozir metro bir kunda 900 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, shahar bo‘ylab 2870 ta belgi almashtirilib, 2770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor o‘rnatildi.
Shunga qaramay, aholi va avtomobillar sonining keskin o‘sishi sabab asosiy yo‘laklardagi yuklama ikki barobar oshgani, 7–8 ballik tirbandliklar odatiy holga aylangani ta’kidlandi. Jamoat transportidan foydalanish darajasi hanuz shaxsiy avtomobilga nisbatan past.
Dunyo tajribasida eng samarali yechim sifatida qo‘llaniladigan **intellektual transport tizimi (ITS)**ni Toshkentda joriy etish bo‘yicha taklif bildirildi. Shu maqsadda poytaxtda yagona yo‘l harakatini boshqarish markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Yangi markaz quyidagi vazifalarni bajaradi:
-
transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish;
-
ITS tizimini joriy etish va boshqarish;
-
shahar transport karkasini rejalashtirish;
-
yuk tashishlar va parkinglarni tartibga solish;
-
elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish;
-
individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish.
ITS kameralar, datchiklar va GPS ma’lumotlarini sun’iy intellekt yordamida qayta ishlaydi. Tizim tirbandliklarni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor ishini adaptiv boshqarish, YTH sodir bo‘lganda favqulodda xizmatlarni tezkor chaqirish imkonini beradi.
Tizim joriy etilgach, transport harakatining o‘rtacha vaqti, favqulodda xizmatlarning yetib kelish muddati, tirbandliklar va YTHlar kamayishi kutilmoqda.
Prezident takliflarni ma’qullab, pilot loyihani joriy yilning o‘zida ishga tushirish, keyingi yillarda esa uni kengaytirib, 2030-yilgacha hududlar bilan integratsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi.