O‘zbekistonda samolyot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hozir import qilinayotgan yo‘lovchi va yuk samolyotlarining QQS va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi ularning yuqori narxi bilan bog‘liq. “Samolyot — juda qimmat texnika. Hozircha biz uni o‘zimiz ishlab chiqarayotganimiz yo‘q”, — dedi u.
Choriyev O‘zbekistonning samolyotsozlikni qayta yo‘lga qo‘yish rejalari borligini tasdiqlab, “nimadandir boshlash kerak”, deya ehtimoliy modellarning o‘rganilayotganini bildirdi.
O‘zbekistonda samolyotsozlik tajribasi bor.
2014-yilgacha Toshkentdagi Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi Il-76 va Il-114 samolyotlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarib, ularning modifikatsiyalarini parvozga yaroqli holatda saqlagan. Korxona oxirgi samolyotni 2012-yil yozida ishlab chiqargan.
Keyinchalik TAPOiCh “Toshkent mexanika zavodi”ga aylantirildi va 2015-yildan “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibida faoliyat yuritdi. 2020-yilda esa korxona maydonida “Texnopark” brendi ostida maishiy texnika ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bu mavzu bo‘yicha avvalroq Rossiya tomoni bilan muzokara qilgan. Davlat rahbari o‘shanda:
“Bizda samolyot ishlab chiqaradigan zavod bo‘lgan. Afsuski, uni o‘zimiz yo‘q qildik. Lekin uni tiklash uchun hali ko‘p ish qilamiz”, — degan edi.