O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Hujjat bilan uy-joy qurilishi hajmini oshirish, ipoteka bozorini kengaytirish va sohada davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan kompleks vazifalar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2040-yilga qadar har yili quriladigan uy-joylar soni ikki baravarga oshiriladi va 421 mingta yangi turar joy barpo etiladi. Ipoteka kreditlari portfeli 56,7 milliard AQSh dollarigacha yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mamlakatdagi uy-joy fondida zamonaviy turar joylar ulushi 2040-yilda 50 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Hujjatda uy-joy bozorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, yirik aglomeratsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, urbanizatsiya jarayonlarini uyg‘unlashtirish, ulushli qurilishda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini joriy etish vazifalari belgilandi.
Farmon bilan 2040-yilgacha mo‘ljallangan dasturiy hujjatlar tasdiqlanib, maqsadli ko‘rsatkichlar, rivojlanish yo‘nalishlari hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berildi. Endilikda uy-joy qurilishida kompleks yondashuv joriy etilib, hududlarning ijtimoiy, muhandislik va transport infratuzilmasi oldindan shakllantiriladi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekistonda urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi. Yangi — Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etilib, ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ etib belgilandi. Kadastr agentligi ham mazkur qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi.
Farmonda Milliy qo‘mitaning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning moliyaviy ta’minoti hamda zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullar belgilab berilgan.