Bolalar ombudsmani iyul oyida Angren shahrida zo‘ravonlikka uchragan 15 yoshli qizning sog‘lig‘i va psixologik holatini o‘rganish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga borib, uning ahvoli bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan Y.S. bilan o‘tkazilgan xoli suhbat chog‘ida u salomatlik holati, ota-onasi va yaqinlariga nisbatan emotsional munosabati hamda keyinchalik kim bilan yashashni istashi haqidagi fikrlarini bildirgan.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, qizning umumiy sog‘lig‘i yaxshilangan: tana vazni oshgan, ahvoli barqarorlashgan. Psixolog tomonidan muntazam olib borilayotgan muolajalar natijasida ruhiy tiklanish jarayonida ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan va u bosqichma-bosqich posttravmatik inqiroz holatidan chiqib bormoqda.
Shu bois, davolanish kursi yakunlanishi bilan Y.S.ni neytral va xavfsiz oilaviy muhitga joylashtirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlanmoqda.
Qizga nisbatan sodir etilgan jinoyat bo‘yicha tergov yakunlangan, jinoyat ishi sudga yuborilgan va hozirda sud muhokamasi davom etmoqda. Bolalar ombudsmani ish yuzasidan sud jarayonida ishtirok etadi hamda davolanish yakunidan so‘ng qizning xavfsiz muhitga joylashtirilishi ustidan kuzatuvni davom ettiradi.
Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.