O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2-noyabr kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “S. Najimov” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan 2 ta yuk mashinasi Andijon orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishi lozim edi.
Biroq, ular Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumaniga burilib, yuk — 50 tonna oqshoqni omborga tushirib sotib yuborgan. Keyinroq, Oltiariq tumanida 50 tonna mahalliy “lazer” navli guruchni ortayotgan paytda ushlangan.
Aniqlanishicha, ular soxta tranzit operatsiyasi orqali 500 million so‘mlik bojxona to‘lovlaridan qochib, 2,1 milliard so‘mlik guruchni noqonuniy tarzda olib chiqishga uringan.
Tezkor tadbir davomida 50 tonna guruch, 50 tonna oqshoq va 2 ta yuk mashinasi vaqtincha saqlovga olindi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-iyuldan O‘zbekistondan guruch eksportiga 100 foizlik boj joriy etilgan. Shu yilning so‘nggi 4 oyida esa 762 tonnadan ziyod guruch eksport qilinib, byudjetga 4,2 milliard so‘mdan ortiq boj to‘langan.