Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida mamlakatda nikohdan ajralishlar sonining ortib borayotgani masalasi muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda 271 776 ta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, shu davrda 45 135 ta nikoh bekor qilingan. Ajralishlarning 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri keladi.
Eng ko‘p ajralish holatlari Toshkent shahrida (5 913 ta), Farg‘ona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand (4 599 ta) viloyatlarida kuzatilgan.
2025-yilning yanvar–iyun oylarida esa 95 275 ta nikoh tuzilgan, nikohdan ajralishlar soni esa 23 338 tani tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ko‘pdir. Respublikaning 112 ta tuman va shahrida ajralishlar soni oshgani qayd etilgan.
Sudlar tomonidan 2024-yilda nikohdan ajralishga oid 32 217 ta ariza ko‘rib chiqilgan. Ularning 54 foizida (17 535 ta holatda) “xarakter to‘g‘ri kelmasligi”, 6 foizida (1 807 ta) “boshqa nikoh munosabatiga kirishgani”, 4 foizida (1 222 ta) “oilaga tayyor emasligi”, 3 foizida (1 033 ta) “o‘zaro ishonchsizlik” sabab qilib ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, FHDY organlarida 7 499 ta oila oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan. 2025-yilning to‘qqiz oyi davomida esa 50 mingdan ortiq er-xotin sudlarga ajrashish to‘g‘risida ariza topshirgan, shundan 27 578 tasida nikoh bekor qilingan.
Majlisda nikoh yoshining qisqartirilishi bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratildi. So‘nggi besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan. Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzish, ularni turmushga berish yoki diniy marosim asosida nikohdan o‘tish holatlari ham ortib borayotgani ta’kidlandi.