O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilgach, 114 mingdan ortiq haydovchi jarima ballarini oldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1-iyundan boshlab yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida qo‘pol turdagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi yo‘lga qo‘yilgan.
YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, 1-iyundan 30-oktyabrgacha bo‘lgan besh oy davomida 114 374 nafar haydovchi 1 dan 5 balgacha jarima ballarini olgan. Olti nafar haydovchi 5–6 ball oralig‘ida, yana ikki nafar haydovchi esa mos ravishda 7 va 8 ball olgan.
Uning ta’kidlashicha, jarima ballari tizimi joriy etilgandan so‘ng umumiy yo‘l-transport hodisalari 6,3 foizga, haydovchilar aybi bilan sodir etilgan avtohalokatlar esa 31,2 foizga kamaygan.
“Mana shu raqamlar ham jarima ballari amaliyotda asqatayotganini ko‘rsatadi. Chunki bu tizim yo‘q davrda bunday ijobiy tafovut kuzatilmagan edi”, — dedi Yo‘ldoshev.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab jarima ballari avtomatik qurilmalar orqali ham hisoblanadi. Bunda qoidabuzarliklar onlayn qayd etilib, jarimalar avtomobil egasi hamda uni boshqa shaxslar tomonidan ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi asosida boshqarish holatlariga qarab adolatli taqsimlanadi.
Mazkur jarayon Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.