Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi, viloyat IIB hamda Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida Guliston tumanining “Bahmal” MFY hududida fuqarolar A.T. va M.D. “Sho‘razak” zovurida elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq ovlayotgan paytda to‘xtatib qolindi. Ular jami 37 dona baliqni (20 dona “Kumush tovon”, 3 dona “Moy baliq” va 14 dona “Ilonbosh”) ovlab, rezina qayiqda olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, 1 dona elektr qarmoq, 1 dona rezina qayiq, akkumulyator, eshkak, tutgich va tungi yoritish moslamasi vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi.
Mazkur qonunbuzarlik orqali hayvonot dunyosiga bazaviy hisoblash miqdorining 865 baravari — 352 million 672 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Fuqorolar o‘z harakatlari bilan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida” hamda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning bir qator moddalarini buzgan.
Yig‘ilgan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun Sirdaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.