Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 3,5 tonnaga yaqin eshak va qoramol suyaklari aniqlangan. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida Toshkent viloyati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi, hududiy veterinariya xodimlari va profilaktika inspektorlari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida yuk mashinasida qoplarga solingan suyaklar topilgan.
Tergovga ko‘ra, suyaklar Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi chiqindixonalardan yig‘ib olib kelingan. Yuk haydovchisi suyaklarni pul evaziga tashiyotganini aytgan, biroq veterinariya ma’lumotnomasini taqdim eta olmagan.
Aniqlangan suyaklar qayta ishlash sexiga topshirilib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.