Haftalik

Haftalik yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev “Yangi avlod” sanoat zonasida alyumin qadoq ishlab chiqarish majmuasiga start berdi

Str

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, alyumin qadoq ishlab chiqarish hamda salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi davlat rahbarining 2024-yil 20-martdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, qulay logistika imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan imtiyozlari bilan ajralib turadi.

Hududdagi yirik loyihalardan biri — East Can Solutions kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi hisoblanadi. Prezident loyihaning imkoniyatlari va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishib, loyiha ishiga rasman start berdi.

Korxona 21 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, qiymati 90 million dollarni tashkil etadi. Loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilgan. Majmua AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, ishlab chiqarish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan.

Dastlabki bosqichda korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 600 million dona alyumin qadoq mahsulotini tashkil etadi. Keyingi bosqichlarda bu ko‘rsatkich 1,1 milliard va 2,2 milliard donagacha oshiriladi. Bu esa nafaqat ichki bozor ehtiyojini to‘liq qoplash, balki eksport imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 20 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Korxonada to‘liq quvvat bilan ish boshlangach, 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentga sanoat zonasining rivojlanish strategiyasi, raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

“Yangi avlod” sanoat zonasida hozirda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yo‘nalishlarida 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan 28 tasi yaqin istiqbolda ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali 7 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur loyihalar nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki eksport salohiyati, mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *