O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi Kamchatka o‘lkasi yaqinida sodir bo‘lgan 7,2 magnitudali zilzila fonida vatandoshlarni hushyor bo‘lishga chaqirdi. Konsulxona murojaatida fuqarolardan shoshilinch xizmat ko‘rsatmalari talablariga qat’iy amal qilish va xotirjamlikni saqlash so‘raldi.
19-sentyabr kuni Tinch okeani akvatoriyasida kuchli yer silkinishi qayd etildi. Petropavlovsk-Kamchatsk va Vilyuchinsk shaharlarida silkinish 7 ballgacha sezilgan, tsunami xavfi e’lon qilingan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida xabar yo‘q. Favqulodda xizmatlar yuqori tayyorgarlik rejimida faoliyat yuritmoqda.
Zarurat tug‘ilganda vatandoshlar quyidagi telefon raqamlari orqali Bosh konsulxonaga murojaat qilishlari mumkin:
+7 (423) 260-48-00
+7 (902) 078-70-07