Namangan viloyatining Norin tumani hokimi konteyner uyga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident 16-sentyabr kuni mazkur hududga tashrifi chog‘ida mahalla infratuzilmasi holatini tanqid qilib, uni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shuningdek, mahalla nomini “Sho‘rariq”dan “Yangi Namangan”ga o‘zgartirishni ham ta’kidlagan.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida tegishli o‘rinbosarlar va mutasaddilar ishtirokida amalga oshirilayotgan ishlarda mahalla qiyofasini tubdan yangilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda bo‘sh turgan eski binolar o‘rnida sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, “Yangi Namangan” va uning atrofidagi 6 ta mahallani kompleks rivojlantirish bo‘yicha master reja ishlab chiqilishi belgilangan. Aholi va mutaxassislarning takliflari tinglanib, barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun viloyat shtabi tuzildi.
Jarayonlarni jadallashtirish va muammolarni joyida hal etish maqsadida Norin tumani hokimi vaqtincha mahalla hududida o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tdi.