Haftalik

Haftalik yangiliklar

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha hukm e’lon qilindi

Mjj

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan 15-sentabr kuni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 61 nafar shaxsga oid jinoyat ishi bo‘yicha hukm e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini to‘liq qoplagani sababli unga boshqaruv tizimi, rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni uch yil muddatga egallash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga BHMning 400 baravari miqdorida jarima va uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi. Ish haqi hisobidan har oy 30 foiz mablag‘ davlat daromadiga ushlab qolinadi.

Oliy sud izohiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismiga binoan moddiy zarar qoplangan hollarda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilmagan. Shu bois, Voitovga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmadi. Sud jarayonida qoplangan mablag‘lar davlat foydasiga o‘tkazildi.

Mazkur ish bo‘yicha sudlanuvchi X. Karimov (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi sobiq direktori) 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U ham uch yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum etildi.

Qolgan 60 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda jazolar tayinlandi. Ulardan 9 nafari ozodlikdan mahrum qilindi, 51 nafari esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilindi.

Ma’lumot uchun, Aziz Voitov 2023-yil dekabr oyida iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish doirasida qamoqqa olingan edi. U 2022-yil avgustidan qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelgan bo‘lib, 2023-yil 25-oktyabrda Prezident qarori bilan vazirlikdan ozod qilingan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *