Buyuk Britaniyaning Hops Labour Solutions rekruting kompaniyasi 2026-yilgi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun onlayn arizalarni qabul qilishni boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, xodimlarga soatiga 12,21 funt sterling (taxminan 16,55 AQSH dollari) miqdorida ish haqi to‘lanadi. Ish vaqti haftasiga kamida 32 soat qilib belgilangan. Viza qiymati 319 funt sterlingni tashkil etadi, aviachiptaning narxi esa valyuta kursi va xarid vaqtiga qarab belgilanadi.
Tanlovda 18 yoshdan katta, rus tilini yaxshi biladigan, jismoniy va ruhiy sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan fuqarolar qatnashishi mumkin. Ayollarning arizalari alohida qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Birinchi ro‘yxatdan o‘tish bosqichi 2025-yil 15-sentabr kuni soat 13:30 da boshlanib, 21-sentabr kuni soat 22:00 da yakunlanadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun nomzodning amaldagi xorijga chiqish pasporti va Gmail elektron pochtasi bo‘lishi shart. Havola Hops Labour Solutions rasmiy saytida va Migratsiya agentligining Telegram-kanalida e’lon qilinadi. Shu bilan birga, onlayn ro‘yxatdan o‘tish keyingi bosqichlarda ishtirok etishni kafolatlamaydi.
Ikkinchi bosqich — onlayn-test 2025-yil 1−2-oktabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, taxminan 5000 nomzod testga taklif etiladi. Uchinchi bosqichda esa 1000 nafar nomzod Hops bosh ofisi vakillari bilan oflayn suhbatdan o‘tadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, tanlov jarayoni to‘liq kompaniyaning o‘zi tomonidan amalga oshiriladi va ishga joylashtirish mutlaqo bepuldir. Shuningdek, fuqarolardan pul evaziga ish taklif qilayotgan shaxslar va firmalardan ehtiyot bo‘lishlari qat’iy ogohlantirildi. Agar nomzodlardan kimdir bunday xizmatlar uchun pul to‘lagani aniqlansa, u suhbatga taklif etilmaydi.