Haftalik

Haftalik yangiliklar

Xorazmda saksovul kesganlarni ta’qib qilgan ekologiya inspektorlari kaltaklandi

Photo 2025 07 17 18 09 38

Cho‘ldan noqonuniy ravishda saksovul o‘simligini kesganlarni ta’qib qilgan Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari kaltaklandi.

Ekologiya vazirligining xabar qilishicha, xodimlar 15-iyul kuni Buxoroning Peshku tumani “Safron” cho‘l massivida reyd tadbiri o‘tkazgan. Reydda 7 nafar xodim: inspeksiya boshlig‘i J.Toshev, A.Qurbonov, B.Ro‘ziyev, J.Yadgarov, F.Murodov, N.Muhammadiyev va O.Hesenov ishtirok etgan.

Reyd davomida inspektorlar Xorazm viloyatida yashovchi shaxsi noma’lum fuqarolar noqonuniy ravishda saksovul o‘simligini kesib, “ZIL” rusumli yuk mashinasiga ortgan holda cho‘lning ichki yo‘li orqali ketayotganini ko‘rib qolgan va boshqarmaga tegishli  “JAK” avtomashinasida yuk mashinasini ta’qib qilishgan.

Kuzatuv davomida, taxminan, 110 kilometr masofadan so‘ng yuk mashinasi G‘uzor—Buxoro—Nukus A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro viloyatidan Xorazm viloyati yo‘liga chiqib, harakatni davom ettirgan. Shundan so‘ng J.Toshev avtomobil yo‘li bo‘ylab 5 kilometr masofadan so‘ng boshqarma inspeksiya xodimlari N.Muhammadiyev va O.Hesenovni orqadan kelayotgan boshqa avtomashinalarni nazorat qilish uchun tushirib, o‘zi “ZIL” yuk mashinasining ortidan kuzatuvni davom ettirgan.

U yuk mashinasidan o‘tib ketganida, taxminan, 200 metr masofada Xorazm viloyatiga tegishli Isuzu yuk mashinasi yo‘lini to‘sgan. Mashinadan notanish fuqarolar qo‘lida har xil turdagi sovuq qurollar (bita, armatura, temir trubabilan tushib kelib, boshqarmaning avtomashinasini urib pachoq qilgan hamda inspeksiya boshlig‘ini har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlashgan. Shundan so‘ng J.Toshev voqea joyidan ketgan.

Bundan tashqari, huquqbuzarlar boshqarma inspeksiya xodimlari N.Muhammadiyev va O.Hesenovni yuz va tana qismlarining barcha sohasiga urib, turli xil og‘ir tan jarohatlari yetkazgan (N.Muhammadiyevning oyog‘i singan). Keyin ularni yuk mashinasining kuzoviga o‘tqazib, o‘zlari bilan olib ketayotgan vaqtda inspektorlar harakatlanib turgan yuk mashinasidan sakrab, qochishga ulgurgan.

Ayni damda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tuman prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *