O‘zbekistonda joriy yil 30-iyungacha 40 105 gektarda 37 million 281 ming dona mevali daraxt ko‘chati ekildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ma’lum qildi.
Shuningdek, 10-iyul holatiga dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida 39 ming gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari ekildi.
Tahlillarga ko‘ra, 3-4 yildan so‘ng dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlardagi mevali daraxtlardan yiliga o‘rtacha eksportbop 280 ming tonna hosil olinib, quritilgan va muzlatilgan holda 70 ming tonna mahsulot eksportini amalga oshirish mumkin.
Shuningdek, 40 mingdan ortiq fermer va dehqon xo‘jaligi hamda salkam 32 ming nafar aholi tomorqa egalari ishtirokida 3,5 mingdan ortiq seminar-treninglar o‘tkazilib, qaror mazmun-mohiyati, mahsulot yetishtiruvchilar kooperatsiyalarini shakllantirish, Yevropa davlatlariga quritilgan shaftoli, olma, o‘rik va boshqa danakli mevalar eksportida Armaniston tajribasi o‘rgatildi.
Karantin agentligining 2 291 nafar xodimi 8 498 ta mahallada hamda 866 ta tadbirkorlik subyekti yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish uchun biriktirildi.