“Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholashda raqamli QR-kodli yorliqlash, shuningdek, urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar reyestrini yuritishga asoslangan yangi tizim joriy etiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholashda shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibni joriy etish, sohaga xalqaro tajribalarni tatbiq etish orqali eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsad qilingan.
Farmonda belgilanishicha, 2026-yil 1-yanvardan Bojxona qo‘mitasi tomonidan raqamli QR-kodli yorliqlanmagan va ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi.
2026-yildan QR-kodli yorliqlanmagan va ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini realizatsiya qilgan tadbirkorlarga BHMning 150 baravarigacha (1-avgustdan boshlab BHM 412 ming so‘m bo‘ladi), ya’ni 61,8 million so‘mgacha ma’muriy jarima qo‘llanadi.
“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholovchi yagona vakolatli tashkilot sifatida belgilandi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- markaz xodimlari tuman aprobatsiya komissiyalari tarkibida urug‘lik ekin maydonlarida o‘tkaziladigan aprobatsiyada qatnashadi va o‘simlikning morfologik belgilariga asosan urug‘liklarning navdorligini baholashdan o‘tkazadi, navdorlik guvohnomasini rasmiylashtiradi va axborot tizimiga joylashtiradi;
- markaz tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklari akkreditsiyalangan laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi va natijalari bo‘yicha urug‘liklarni ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar majmui asosida ekinboplik xulosasi beriladi.
Respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va tajriba-sinov tadqiqotlarini o‘tkazish uchun import qilgan hamda ilmiy tajriba uchastkasida tayyorlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini raqamli QR-kodli yorliqlash va ekinboplik xulosasi berish bepul amalga oshiriladi.