O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 2024-yil dekabridan buyon birinchi marta pasaydi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, zaxiralardagi aktivlarning umumiy qiymati 48,55 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 1,11 milliard dollarga yoki 2,24 foizga kamdir. Iyun oyida oltin-valyuta zaxiralari hajmi 49,66 milliard dollarni tashkil etgandi.
Oltin zaxiralari bir oyda 763 million dollarga oshib, 38,42 milliard dollarga yetdi hamda qiymat jihatidan rekord yangilandi. Bu oltin zaxirasi fizik hajmining oshishi (11,4 milliondan 11,7 million troy unsiyasigacha) hisobiga yuz berdi.
Iyun oyida O‘zbekistonning valyuta zaxiralari 1,88 milliard dollarga kamaydi. Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar hajmi esa 708,8 million dollarga oshdi.
Xalqaro oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yil boshidan beri dunyo bo‘yicha eng ko‘p oltin sotdi. Mamlakat yarim yil ichida qariyb 27 tonna oltin eksport qilgan. Yaqin Sharqdagi yangi geosiyosiy tarangliklar oltinning strategik ahamiyatini yanada oshirdi. Chunki ko‘plab markaziy banklar qimmatbaho metallni o‘z zaxiralarini siyosiy xatarlardan himoya qilish vositasi sifatida ko‘radi.