O‘zbekistonda 2-iyuldan boshlab, o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilarining yillik daromadlari 100 million so‘mdan oshganda, ular to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlar soliq organlarining xabarnomasi asosida yuridik shaxslar (soliq agenti) ya’ni agregatorlar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadi.
Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining aprelda qabul qilingan qarorida belgilangan bo‘lib, sohada band bo‘lgan jismoniy shaxslarga soliqlarni hisoblash, to‘lash va hisobot topshirish kabi ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etadi.
Qayd etilishicha, 2025-yil davomida 189 ta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning yillik daromadi 100 million so‘mdan oshgan.
ugungi kunda respublikada 776,7 mingta o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs yengil avtotransport vositasida yo‘lovchilarni tashish hamda buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish yo‘nalishida ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritmoqda.
2025-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi 208 ta yuridik shaxslar — onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiyalashgan. Ular orqali 430 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatmoqda. Ushbu agregatorlar tomonidan davlatga 89,6 milliard so‘m soliq to‘langan.