O‘zbekistonda ayrim tovarlarga nisbatan import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilish ko‘zda tutilgan qonun Senatda ma’qullandi.
25-iyunda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Senatorlar qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati yuzaga kelayotganligiga alohida urg‘u berdi.
Bugungi kunda respublika importining 32,3 foizi erkin savdo rejimi o‘rnatilgan mamlakatlar, 61,4 foizi eng ko‘p qulaylik berish rejimi qo‘llanilayotgan davlatlar hissasiga va qolgan 6,3 foizi savdo rejimi belgilanmagan davlatlar yoki ishlab chiqargan mamlakati aniqlanmagan tovarlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Xususan, respublikaga import qilinayotgan tovarlarning 95 foizi Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlardan, qolgan 5 foizi esa ushbu tashkilotga aʼzo bo‘lmagan davlatlardan olib kelinmoqda. Shularni inobatga olgan holda, mazkur qonun bilan Bojxona kodeksiga eng ko‘p qulaylik berish rejimiga ega bo‘lmagan davlatlardan O‘zbekistonga keltirilayotgan tovarlar uchun tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmaganda import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinmoqda.
Shu bilan birga, Bojxona organi tomonidan harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilgandan so‘ng davlat byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan bojxona to‘lovlarining muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirilmoqda.
Senatorlarning qayd etishicha, mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish orqali tashqi savdoni adolatli qoidalar asosida amalga oshirishga, import va eksport ko‘lamini kengaytirishga erishiladi.
Shuningdek, ushbu qonunda aksiyadorlik jamiyatlari ijro organlari hamda kuzatuv kengashlari aʼzolarining fidutsiar majburiyatlarini, jamiyat majoritar aksiyadorlarining umumiy majburiyatlari va javobgarligini belgilash hisobiga korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslub va mexanizmlarini joriy etish kabi masalalar ham o‘z aksini topgan.