Surxondaryo viloyati Boysun tumani Kengdala o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash hududda yong‘in yuz berdi.
Viloyat FVB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 17-iyun kuni soat 17:45 da archazorlarga tutash hududda quruq o‘tlar yongani bo‘yicha xabar kelib tushgan. Shunga asosan zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borib, tegishli xizmatlar va ko‘ngillilar hamkorligidagi harakatlar natijasida 3 gektar maydondagi yong‘in o‘chog‘i 18-iyun kuni soat 07:10 da bartaraf etilib, keng maydonlarga tarqalishi oldi olingan.
Yong‘inni bartaraf etishga viloyat FVBdan 85 nafar shaxsiy tarkib, 4 ta texnika, O‘rmon xo‘jaligi bo‘limidan 40 nafar xodim, 4 ta texnika, IIBdan 6 nafar xodim, Mudofaa vazirligidan 20 nafar harbiy xizmatchi va bitta harbiy vertolyoti, mahalliy aholidan 40 nafar ko‘ngilli jalb etilgan.
Shuningdek, sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish jarayonida yong‘in o‘chog‘ini monitoring qilish uchun chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish vositalaridan foydalanilgan.