“O‘zgidromet” O‘zbekistonda 2025-yilning yoz fasli qanday ob-havo bilan boshlanishini ma’lum qildi.
Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida o‘rtacha oylik havo harorati may oyi qiymatlaridan 4-5 darajaga, cho‘l hududlarda 6-7 darajaga yuqori bo‘ladi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha iyun oyining o‘rtacha harorati barqaror o‘sish tendensiyasini ko‘rsatdi. So‘nggi 10 yilda respublikaning katta qismida faqat 2019-yil iyun oyi, shimolda va cho‘l hududlarda esa 2017 va 2018-yil iyun oylari me’yordan biroz salqinroq bo‘lgan. Qolgan yillarda iyun oylari o‘rtacha harorati me’yordan yuqori bo‘lgan.
2021-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan iyun oylari deyarli barcha hududlar bo‘yicha O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun oylari beshligiga kirgan. O‘zbekiston hududining katta qismida iyun oyining o‘rtacha kunduzgi harorati 31-36 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda ushbu qiymatlarga nisbatan 3-4 darajaga yuqoridir.
Iyun oyida maksimal havo haroratining rekord qiymatlari hududning katta qismida 41-44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 45-47 darajani tashkil etadi. Toshkentda iyun oyining mutlaq maksimal harorati 43 darajadir. Rekord qiymatlarga yaqin havo harorati, albatta, kamdan kam kuzatiladi. Ammo harorat 37-41 daraja, janubda va cho‘l hududlarda 42-43 darajagacha bo‘lgan juda issiq kunlar deyarli har yili iyun oyida qayd etiladi. Atrof-muhitga havo harorati juda yuqori bo‘lgan ayrim kunlar emas, balki issiq davrlar davomiyligi salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday qilib, 2023-yil iyun oyida havo harorati 38-41 daraja atrofida, cho‘l hududlarda va eng chekka janubda 43 darajagacha bo‘lgan jazirama issiq davrlar deyarli ikki hafta davom etgan edi. Iyun oyida harorat kunduz kunlari 25-28 darajagacha pasayishi, ba’zan esa undan ham pastroq bo‘lgan davrlar kuzatiladi, biroq ularning davomiyligi qisqa davr bo‘ladi. Iyun oyida may oyiga nisbatan yog‘ingarchilik miqdori (2-4 marta), ayniqsa, janubda va cho‘l hududlarda (5-12 marta) sezilarli darajada kamayadi, bu esa chang-qum bo‘ronlarining tez-tez vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, iyun oyida hudud bo‘yicha hamda vaqt bo‘yicha ham yog‘ingarchilikning notekis taqsimlanishi ko‘payadi. Juda quruq oylar bilan bir qatorda, ayrim yillarda mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan jala yomg‘ir yog‘gan kunlar kuzatiladi, bunda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorga yetadi va ba’zan esa bu qiymatdan ham oshib ketadi. Meteorologik kuzatuvlar tarixida yog‘ingarchilik miqdori bir necha soat davomida 3-6 oylik me’yor atrofida, qurg‘oqchil hududlarda esa bir necha soat ichida 8-20 oylik me’yorgacha bo‘lgan faktlar mavjuddir.
Shunday qilib, 2019-yil iyun oyida Toshkentda yomg‘ir yog‘gan atigi 2 ta holat qayd etilgan, ammo bu kunlarda yog‘ingarchilik miqdori iyun oyidagi oylik me’yordan sezilarli darajada ko‘p bo‘lgan. Ushbu 2 kun ichida shaharning turli hududlarida 50 mm dan 89 mm gacha yomg‘ir yog‘gan edi. Toshkentda iyun oyida yog‘ingarchilikning iqlimiy me’yori 17 mm ni tashkil etadi. 2023 va 2024-yillarning iyun oylarida Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘magan edi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda iyun oylarida kuzatiladigan jala yomg‘irlar ko‘pincha sel-suv toshqin hodisalarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi.