Punktlar sut yetishtiruvchi 12 mingta aholi va dehqon xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadi.
«Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokidagi «O‘zbekistonning sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, loyihaning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
— Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 320 ta mahallaga, sut yetishtiruvchi 12 mingta aholi va dehqon xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi 100 ta sut yig‘ish punktini tashkil etish;
— 865 nafar aholi va dehqon xo‘jaligiga sutni qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish va modernizatsiya qilishga 250 ming AQSh dollarigacha imtiyozli kreditlar ajratishni tashkil etish;
— sut yetishtiruvchi va sotib oluvchilarni birlashtiradigan Milliy sut mahsulotlari platformasi dasturiy ta’minotini ishga tushirish.
Loyihani amalga oshirish davri 7 yil (2025–2031 yillar) etib belgilangan.