O‘zbekistondan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga beg‘araz yordam tariqasida qishloq xo‘jaligi uchun sara urug‘lar yetkazib berildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yaqinda Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi agrar korxonalar, agroklasterlar va ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ular qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, hosildor urug‘chilik, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari hamda qayta ishlash sanoati yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirildi.
Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga beg‘araz yordam tariqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi. Jumladan:
- ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 5 tonna chigit (200 gektar yer maydoni uchun);
- 20 tonna sholi (100 gektar maydon uchun);
- 500 kilogramm mosh (25 gektar uchun);
- 187 kilogramm sabzavot urug‘lari;
- 600 kilogramm poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urug‘lari topshirildi.