1972 yilda Veneraga uchirishda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, orbitada qolib ketgan sovetlarning yarim tonnalik «Kosmos-482» apparati may oyida yerga qulashi kutilmoqda. Agar uning parashyuti ochilmasa, yerga urilish tezligi soatiga 500 kmgacha yetishi mumkin. «O‘zbekkosmos» mutaxassislari «Kosmos-482»ning O‘zbekiston hududiga tushishi ehtimolini baholadi.
So‘nggi kunlarda SSSR tomonidan «Venera-8» missiyasi doirasida uchirilgan «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ayrim manbalar apparatning qulash nuqtasi Markaziy Osiyo davlatlari hududiga to‘g‘ri kelishini taxmin qilmoqda.
Xo‘sh, ularning orasida O‘zbekiston ham bo‘lishi mumkinmi va bu qanchalik xavfli jarayon? «O‘zbekkosmos» agentligi Yangi texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘limi boshlig‘i Ahror Agzamov mazkur hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.
Haqiqatdan ham 1972 yil 31 mart kuni sobiq Sovet Ittifoqining «Venera» dasturi bo‘yicha «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan. Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan.
Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparatning yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. «Kosmos-482»ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5% oralig‘ida baholanmoqda – ya’ni 1 foiz ham emas.
«Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsada, Veneraning og‘ir sharoitlarida qo‘nish va ishlash uchun mo‘ljallangan yarim tonnaga (480 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tug‘diradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi», deyiladi agentlik bayonotida.
Kosmik apparatning parashyut borligiga qaramay, u koinotda 53 yil qolganidan keyin parashyut ishlamasligi mumkin. Qurilmaning yerga urilish tezligi esa soatiga 500 kmgacha yetishi kutilmoqda. Agentlik, bunday holat yuz bersa qulagan kosmik kemaning qoldiqlariga tegmaslikni maslahat berdi.
«Bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin», deyiladi rasmiy manbada.